O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti va jamiyatimiz farovonligini taʼminlovchi, xalqning asriy qadriyatlari va anʼanalari, intilishlari, orzu-istaklari, madaniyati va istiqbolini o‘zida aks ettiruvchi qomusiy, tarixiy, huquqiy va siyosiy-mafkuraviy hujjat hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida “Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslan-gan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda”, - deb taʼkidlagan edi.
Darhaqiqat, bugungi kunda yangi O‘zbekistonda Bosh qomusimiz asosida inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, davlat hokimiyatining birdan-bir manbai bo‘lmish xalq hokimiyatchiligi-ni mustahkamlash, ayollar va erkaklarning teng huquqliligini taʼminlash, adolatli sud tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yoshlarning bilim olishi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishini kafolatlash kabi masalalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimiz ham ushbu tarixiy hujjatni ishlab chiqish jarayonida bevosita ishtirok etib, mamlakatimiz Asosiy qonunini tayyorlashda o‘z munosib hissasini qo‘shganligini alohida taʼkidlash o‘rinli.
Davlatimiz rahbari o‘zining har bir nutqida, albatta, Bosh qomusimiz haqida to‘xtalib, uning mazmun-mohiyati, taraqqiyoti-mizning bugungi tarixiy bosqichida Konstitutsiyani so‘zsiz bajarish, ishlab chiqilayotgan barcha qonun hujjatlarining unga muvofiq bo‘lishini taʼminlash borasida ko‘plab fikrlarni bildiradi.
Shuningdek, ayni vaqtda Prezidentimiz boshchiligida jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni oshirish maqsadida, avvalo, Konstitutsiyani muntazam ravishda o‘rganib borish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Xususan, bu borada Davlatimiz rahbari Konstitutsiya qabul qilinganlining 27 yil-ligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida “har bir soha va yo‘nalish, taʼlimning barcha bosqichlari uchun huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslangan dasturi tayyorlanishi kerak. Bunda, avvalambor, Konstitutsiyani o‘rganishga jiddiy yondashish lozim. Umumtaʼlim maktablari uchun “Konstitutsiya alifbosi”, “Konstitutsiya saboqlari”, “Konstitutsiya asoslari” kabi darsliklarni yaratish zarur, deb hisoblayman”, degan edi.
Darhaqiqat, yoshlarni Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi haqida bildirgan fikr va mulohaza-lari ifoda etilgan maʼruzalari yagona to‘plam holiga keltirildi.
Mazkur to‘plamdan ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishda, taʼlim muassasalarida dars mashg‘ulotlarini o‘tishda, jamiyatda huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borishda keng foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Shu sababli aytish joizki, ushbu to‘plam keng jamoatchilik, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, oliy taʼlim muassasalarining talabalari, ilmiy tadqiqot markazlarining xodimlari va ilmiy tadqiqotchilari, amaliyotchi mutaxassislar uchun foydali manbaa bo‘lib xizmat qiladi.