Korporativ nizolar: tushunchasi, turlari va ularni sudda ko'rishning o'ziga xoc jihatlari
O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi iqtisodiy va huquqiy munosabatlar rivojlanib borgan sari ushbu munosabatlardan kelib chiqayotgan nizolarning ham yangicha ko‘rinishlari vujudga kelmoqda. Shunday nizolarning bir ko‘rinishi – korporativ nizolardir.
Mazkur toifadagi nizolarni sudlarda ko‘rib chiqish tartibi bilan bog‘liq protsessual huquq normalarining milliy qonunchiligimizga yaqinda kirib kelganligi, ularning yetarli darajada aks etmaganligi, ayniqsa “korporatsiya”, “korporativ huquq” atamalarining yuridik jihatdan yoritib berilmaganligi bois sud amaliyotida ushbu protsessual normalarni qo‘llashda ayrim muammolar vujudga kelmoqda, sudyalar va ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan kamchilik va xatoliklarga ham yo‘l qo‘yilmoqda.
Shu sababli qo‘llanmada iqtisodiy sudlardagi amaliyot va xorijiy davlatlarning tajribasi chuqur o‘rganilgan holda korporatsiyalar, korporativ huquq va korporativ nizolar haqida umumiy tushunchalar, bu toifadagi nizolarning turlari, ular yuzasidan sudlarga murojaat qilish va qonuniy hal etishga oid asosiy tartib-qoidalar, eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim holatlarni yoritib berishga harakat qilindi. O‘ylaymizki, qo‘llanma korporativ nizolarni hal etishga oid muammoli masalalarning yechimini topishga, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qo‘llanmadan sudyalar, sud xodimlari, sudyalik lavozimiga nomzodlar, advokatlar, korxona rahbarlari va yuristlari, iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar, yuridik sohada taʼlim olayotgan talabalar, tegishli mavzuda ilmiy izlanish olib borayotgan nazariyachi olimlar hamda korporativ huquqqa oid bilim va saviyasini oshirish istagida bo‘lgan har qanday fuqarolar foydalanishlari mumkin.